Elektrotexnika sanoatidagi rejalar taqdimot qilindi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni elektrotexnika sohasidagi natijalar va galdagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

    Bu sohaning sanoatdagi ulushi 3,5 foiz, tovarlar eksportida 10 foizni tashkil etadi. O‘tgan yili 31 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 1 milliard 300 million dollar eksport qilingan. 516 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 85 ta yangi korxona ishga tushgan. Bu sohada 27 mingdan ziyod yurtdoshimiz ishlamoqda.

    O‘tgan yili 5-sentyabrda bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida sohada natijadorlikni oshirish imkoniyatlari ko‘rsatib berilgan edi. Shunga asoslanib, joriy yilda qator vazifalar belgilab olingan.

    Taqdimotda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi bu yil hududlarda 4 milliard dollarlik 290 ta yangi loyihani boshlab, 600 million dollar investitsiya o‘zlashtirish, misni qayta ishlash darajasini 75 foizga yetkazish rejalarini aytdi.

    Bunda mahalliylashtirish dasturlaridan foydalanish muhim. Masalan, bu yil mamlakatimizda 75 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Shuning 28 milliard dollarini mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplash mumkin.

    Elektrotexnika klasterini kengaytirish uchun Ohangaronda qo‘shimcha 200 gektar, Farg‘onada 10 gektar, Urganchda 4 gektar yer ajratildi. 181 milliard so‘m evaziga infratuzilma qurildi.

    Endi tadbirkorlarga texnoparklar hududida tayyor bino qurib, elektrotexnika va turdosh soha korxonalariga sotishga ruxsat berish mo‘ljallanmoqda. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarni uch yil muddatga foyda va mol-mulk solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda.

    Bu, jumladan, Ohangaron mis klasterida 68 million dollarlik, Qashqadaryo, Farg‘ona va Urganchda 30 million dollarlik yangi loyihalarga imkoniyat ochadi.

    Mahsulotlar sotilishi uchun vazirlik va sanoat tarmoqlari kesimida 15 trillion so‘mlik kafolatli bozor ham tashkil qilinmoqda. Ijtimoiy obyektlar uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini mahalliy korxonalardan xarid qilish tartibi ishlab chiqilmoqda.

    Davlatimiz rahbari bu soha yashil iqtisodiyot uchun, barqaror rivojlanish uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois joylardagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, tadbirkorlarga infratuzilma, moliya va xomashyo jihatidan qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

    Mutasaddilar bularning evaziga eksportni yiliga 3 milliard dollarga, ishlab chiqarish hajmini 50 trillion so‘mga yetkazish imkoniyati borligini qayd etdi.

    Innovatsiyalarni o‘rganib, bozorbop mahsulotlar yaratish, malakali muhandis, texnolog va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.