Emirates E20 Investment Limited kompaniyasi Oʻzbekistonda yangi loyihalarni amalga oshiradi

    Agrosektor 8 Noyabr 2023 858

    Joriy yil 7-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Abu-Dabi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat tashkiloti bosh direktori, “E20 Investment Limited” kompaniyasi raisi Said Al-Ameri bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Maʼlumot uchun: E20 Investment Limited – qishloq xoʻjaligi va agrosanoat sohasiga ixtisoslashgan investitsiya kompaniyasi. Ushbu sohada 20 yillik tajribaga ega. Tarkibiga Yevropa, Markaziy Osiyo va Afrikada investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi 12 tadan ortiq shuʼba korxonalari kiradi.

    BAA tomoni Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan oʻzgarishlarni yuqori baholadi va Andijon viloyatida meva va reza mevalar klasterini yaratish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirishda koʻrsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

    Korxona 6 ming tonna serhosil va eksportbop buta mevalarini yetishtirishni nazarda tutuvchi loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha ishlarni boshlashni rejalashtiryapti.

    Konstruktiv fikr almashish chogʻida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, qishloq xoʻjaligi, baliqchilik va veterinariya sohalarida yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalalari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Muzokaralar yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi loyiha va tashabbuslar hayotga tatbiq etilishini jadallashtirish faollashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar koʻrishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.