Yurtimiz sayyohlik mahsulotlari «EMITT 2024» xalqaro ko‘rgazmasida namoyish etilyapti

    Turizm 9 Fevral 2024 1686

    2024-yil 6-9-fevral kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida “EMITT 2024» 27-Xalqaro turizm va sayohat koʻrgazmasi boʻlib oʻtyapti.

    Yirik “TUYAP Fair & Congress Center” kongress-koʻrgazma markazida Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatimiz milliy stendini namoyish etyapti.

    Delegatsiyamiz ishtiroki Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi vaֿ “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan tashkil etilgan. Koʻrgazma davomida yetakchi xalqaro sayyohlik kompaniyalari tomonidan ommabop yoʻnalishlar boʻyicha eng yaxshi takliflar taqdim etiladi, barcha soha va segmentlarda turizmni rivojlantirish strategiyasi va dasturlari boʻyicha tajriba va fikr almashinadi.

    Koʻrgazma davomida delegatsiyamiz vakillarining Turkiya va boshqa mamlakatlardagi yirik sayyohlik kompaniya va tashkilotlari bilan “B2B” formatida oʻtkazgan ishbilarmonlik uchrashuvlari Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari va xorijiy hamkorlar oʻrtasida bevosita aloqalarni oʻrnatish imkonini beradi.

    Xalqaro koʻrgazma kunlarida delegatsiyamiz aʼzolari yangi sayyohlik mahsulotlarini namoyish etadi, shuningdek, joriy yil noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan TXTYA-2024 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish yuzasidan mamlakatlar va yirik tashkilotlarning hamkorlarini jalb etish boʻyicha muzokaralar tashkil etadilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: EMITT har yili Istanbulda oʻtkaziladigan Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasidagi eng yirik xalqaro turizm va sayohat koʻrgazmasi hisoblanadi. Dunyodagi eng yirik beshta sayyohlik koʻrgazmalaridan biri sifatida EMITT har yili dunyo boʻylab sayyohlik xizmatlari kompaniyalari va yoʻnalishlaridan yangi va qiziqarli sayohat imkoniyatlarini izlayotgan oʻn minglab soha mutaxassislari va sayyohlarni oʻziga jalb etadi. Koʻrgazma Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, TOBB, Turk Havo Yoʻllari, Istanbul munitsipaliteti tomonidan qoʻllab-quvvatlanyapti.