Emlanganlik toʻgʻrisidagi sertifikatni qanday olish mumkin?

    Raqamlashtirish 8 Sentabr 2021 9462

    Koronavirusga qarshi toʻliq emlangandan soʻng emlanganlik sertifikati olish talab etiladi. Bu borada yurtdoshlarimizga koʻmak berish maqsadida SSV Matbuot xizmati emlanganlik sertifikatini olishning 5 usuli haqida maʼlumot beradi:

    1-usul.

    Emlanganlik sertifikatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn yuklab olish mumkin.

    Buning uchun JSH SHIR — Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqamidan yoki pasport maʼlumotlaridan foydalaniladi.

    Yagona portal orqali “Koronavirusga qarshi emlash” boʻlimini, soʻngra “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish orqali elektron tarzda navbatga turish va emlash toʻliq yakunlangach, tegishli sertifikatni yuklab olish ishonchli hamda xavfsizdir.

    2-usul.

    COVID-19 ga qarshi har bir emlanishdan soʻng emlangan shaxsning mobil telefoniga SMS-orqali emlanganlik toʻgʻrisida xabar keladi.

    Toʻliq emlangandan soʻng emlanganlik sertifikatini ushbu SMS-xabardagi havola orqali onlayn yuklab olish mumkin.

    3-usul.

    Telegram tarmogʻidagi @itmeduz_bot sahifasi orqali ham JSH SHIR yoki pasport maʼlumotlaridan foydalanib, emlashga elektron navbatga yozilish va emlanganlik sertifikatini yuklab olish imkoniyati yaratilgan.

    4-usul.

    Toʻliq emlangan shaxsga emlash oʻtkazilgan davolash-profilaktika muassasasining oʻzida emlash uchun roʻyxatga olgan hamshira tomonidan fuqaro talabiga binoan sertifikat beriladi.

    5-usul.

    Shuningdek, yuqoridagi amallardan tashqari toʻliq emlangan shaxs oʻzi biriktirilgan hududiy birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasiga murojaat qilish orqali ham sertifikatni olishi mumkin.