Shu o‘rinda vaksinalar immunitet tizimini mustahkamlab, yuqumli kasallik tarqatuvchi viruslarga qarshi kurashishda ishtirok etishini, biz emlash orqali nafaqat o‘zimiz, balki atrofimizdagilarni ham himoya qilishimizni ta’kidlash joiz. Shu jihatlarni e’tiborga olgan holda mamlakatimizda emlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Ma¤lum qilinganidek respublikamizda emlash jarayonlari 1 apreldan boshlanadi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi aholini emlash jarayoni uch bosqichda olib boriladi. 1 apreldan boshlanadigan birinchi bosqichda 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi va tibbiyot xodimlari emlanadi. Bular – koronavirusni davolashga ixtisoslashgan maxsus shifoxonalar, tez tibbiy yordam tizimi, shoshilinch tibbiy yordam tizimi, yuqumli kasalliklar shifoxonalari, koronavirus tashhisoti laboratoriyalari, birlamchi bo‘g‘in – ambulatoriya va poliklinika xizmati xodimlari emlanishi kutilmoqda.

Bugungi kunda viloyat markazlarida tashkil etilgan emlash punktlarida emlash ishlari olib boriladi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, emlash ishlari respublika bo‘yicha 219 ta emlash punktida olib borilishi rejalashtirilgan. Emlash jarayonini shoshmasdan, emlash xavfsizligi va «sovuqlik zanjiri»ga rioya qilgan holda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Yana bir muhim jihat vaksinatorlar shifokor ko‘rigidan o‘tmagan, cheklovi mavjud, moneliklari bor aholini emlamasliklari kerak. Emlash jarayonini shoshmasdan amalga oshirish lozim. Ana shundagina aholining salomatligini muhofaza qilishga erishiladi.

Barcha emlash punktlarida ishlovchi tibbiyot xodimlarimiz, ularga mas’ul bo‘lgan shaxslar, vaksinatorlar vaksinani to‘g‘ri saqlanishi, o‘z vaqtida qilinishi kerak. Vaksinani 6 soat davomida ishlatish kerak. So‘ng u yaroqsizlantiriladi. Shu bilan birga har bir fuqaroni shifokor ko‘rigidan to‘liq o‘tkazish, sog‘lig‘ini tekshirish tavsiya etiladi. Shu o‘rinda tibbiyot xodimlari emlangan aholiga vaksina bilan emlangandan so‘ng ma’lum o‘zgarishlar bo‘lsa, darhol o‘z shifokorlariga murojaat qilishlari darkorligini aytishlari kerak. Aholi uchun emlash, dam olish, emlangungacha bo‘lgan kutish xonalari tashkil qilingan.

Emlangandan so‘ng kuzatuv xonalarida 30 daqiqa kutib turishlariga e'tibor qaratish lozim. Bu nima uchun qilinyapti? Bu aholida emlangandan so‘ng nojo‘ya holatlar kuzatilsa, buni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilyapti. Emlanishga yaqinlari hamrohligida kelishlari maqsadga muvofiq. Fuqarolarga ma’lum bir o‘zgarishlar yuz beradigan bo‘lsa, albatta murojaat qilishlarini yana bir bora eslatib o‘tamiz.

Bugungi kunda tashkil qilinayotgan vaksinatsiya jarayonlarida AstraZeneca vaksinasi ikki marotaba, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan uch marotaba emlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni emlash ikki xil vaksina bilan aholining xohishiga ko‘ra o‘tkaziladi.

Jarayon yaxshi va sifatli o‘tishi uchun bir necha bosqichga bo‘lingan holda amalga oshiriladi. Emlash jarayonida niqobda bo‘lish, masofani saqlagan holda, antiseptik vositalari bilan qo‘llarni dizenfeksiya qilish, emlash xonalarini zararsizlantirish, tez-tez shamollatish darkor, deb xabar beradi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmati.