2026-yil 5 – 6-iyun kunlari Toshkent shahrida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) hamda Koreya jamoat fondi hamkorligida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun jamoat salomatligi masalalari bo‘yicha o‘quv-trening tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi aholisi o‘rtasida jamoat salomatligi bo‘yicha xabardorlik va tibbiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan keng qamrovli loyihaning bir qismi hisoblanadi. Loyiha 2026 yil aprel-dekabr oylarida Toshkent shahri, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi aholining profilaktika, emlash va yuqumli kasalliklardan himoyalanish bo‘yicha bilimlarini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimidagi tibbiyot xodimlarining aholi bilan muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda OAV vakillarining tibbiy ma’lumotlarni xolis va mas’uliyatli tarzda yoritish salohiyatini kuchaytirishdan iborat.
Jurnalistlarning jamoat salomatligidagi o‘rni
Tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot kotibi Maftuna Saidova jamoat salomatligi masalalarida axborotning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, yuqumli kasalliklarni qasddan tarqatish yoki tarqatish xavfini yuzaga keltirish holatlari uchun amaldagi qonunchilikda ham ma’muriy, ham jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.
Shuningdek, mamlakatda emlash ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil etishi, qolgan aholi qatlamini ham to‘g‘ri ma’lumot bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi.
Maftuna Saidova tibbiy sug‘urta tizimini rivojlantirish profilaktik tibbiyotni kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
— Biz Koreya bilan bejiz hamkorlik qilmayapmiz. U yerda profilaktika va tibbiy sug‘urta tizimi aholi salomatligini muhofaza qilishda katta samara bergan. Masalan, bachadon bo‘yni saratoni erta aniqlanishi hisobiga og‘ir asoratlar sezilarli darajada kamaygan. Biz ham profilaktikaga ko‘proq e’tibor qaratsak, kasalliklarning og‘ir oqibatlarining oldini olishimiz mumkin, — dedi u.
Vaksinatsiya nega bolalikdan boshlanadi?
Seminarning asosiy ma’ruzasini tibbiyot fanlari nomzodi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Shohista Bakiyeva taqdim etdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, davlat emlash taqvimi ilmiy asoslangan bo‘lib, har bir vaksina organizmda immunitet shakllanish xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gepatit V virusiga qarshi vaksina hayotning birinchi sutkasida qilinishi bejiz emas.
— Agar chaqaloq gepatit V bilan kasallangan onadan tug‘ilgan bo‘lsa, virus tug‘ruq jarayonida yuqishi mumkin. Birinchi 24 soatda emlash orqali immunitet shakllanib, kasallik rivojlanishining oldi olinadi, — dedi mutaxassis.
Shohista Bakiyevaning ma’lum qilishicha, gepatit V ga qarshi emlash organizmni o‘rtacha 20 – 25 yil davomida himoya qilishi mumkin. Shuningdek, u 2001 yildan buyon mamlakatimizda gepatit V ga qarshi emlangan aholi orasida mazkur kasallik qayd etilmaganini ta’kidladi.
Qizamiq nega yana ko‘paymoqda?
Seminarda qizamiq kasalligiga oid holatlar ham muhokama qilindi. Mutaxassisning aytishicha, avvallari qizamiqqa qarshi vaksina bir yoshdan boshlab qilingan bo‘lsa, keyingi yillarda bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar orasida kasallanish holatlari ko‘paygani sababli epidemik ko‘rsatmalar asosida 6 oylik va 9 oylik bolalarni ham emlash amaliyoti joriy qilingan. Bu tartib 2022 yildan qo‘llanilmoqda. Dildora Odilova ta’kidlaganidek, qizamiq hech qachon butunlay yo‘qolmagan, ammo ommaviy emlash hisobiga epidemik tarqalish holatlari kuzatilmagan.
— Oxirgi yillarda emlash qamrovining pasayishi natijasida vaksina orqali oldi olinadigan kasalliklar yana ko‘payishni boshladi. Emlanmagan bolalar nafaqat o‘zlari, balki hali emlash yoshiga yetmagan chaqaloqlar uchun ham xavf tug‘diradi, — dedi mutaxassis.
Shuningdek, mehnat migratsiyasi jarayonlari ham ayrim yuqumli kasalliklarning mamlakatga kirib kelishiga ta’sir etayotgani qayd etildi.
Emlashning kechikishi qanday oqibatlarga olib keladi?
Mutaxassis qizamiqning og‘ir asoratlaridan biri — o‘tkir osti sklerotik panensefalit haqida ham ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur asorat bosh miyaning bosqichma-bosqich zararlanishiga olib kelib, og‘ir nevrologik o‘zgarishlar va hatto o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.
— Vaksinalarning har biri ma’lum vaqt uchun belgilangan. Bekorga emlash taqvimi tuzilmagan. Kechiktirilgan emlash ba’zan kech bo‘lishi mumkin, — dedi Shohista Bakiyeva.
Vaksinalar qanday saqlanadi?
Seminar ishtirokchilariga vaksinalarning xavfsizligi va sifatini ta’minlash masalalari ham tushuntirildi. Qayd etilishicha, barcha vaksinalar maxsus sovuqlik zanjiri tizimi orqali saqlanadi. Ular maxsus sovutgichli omborlar va sovutgichli transport vositalarida belgilangan harorat rejimiga qat’iy rioya qilingan holda tashiladi. Shuningdek, har bir vaksinaning amal qilish muddati mavjud bo‘lib, belgilangan talablarga muvofiq qo‘llaniladi.
Tadbir davomida mutaxassislar jamoat salomatligini muhofaza qilishda profilaktika, vaksinatsiya va aholining tibbiy savodxonligini oshirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Jurnalistlarning ishonchli manbalarga tayanib, tibbiy ma’lumotlarni aniq va mas’uliyatli yoritishi aholi orasida noto‘g‘ri qarashlar va asossiz xavotirlarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Seminar qatnashchilari fikricha, davlat idoralari, tibbiyot mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik jamoat salomatligini mustahkamlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Zulxumor Akbarova