Emmanuel Makron Fransiya parlamentini tarqatib yubordi

    Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakat Milliy assambleyasi (parlament quyi palatasi) tarqatib yuborilgani, shuningdek, muddatidan oldin parlament saylovlari tayinlangani haqida ma'lum qildi.

    Bu haqda u respublika fuqarolariga murojaati chog'ida aytib o'tdi.

    “Men muddatidan oldin parlament saylovlarini e'lon qilaman”, dedi Makron.

    Birinchi tur 30-iyunga, ikkinchi tur 7-iyulga belgilangan.

    Bundan oldin Fransiyada Yevroparlamentga saylovda g'alaba qozongan “Milliy birlashish” partiyasi yetakchisi Jordan Bardella Makronni muddatidan oldin saylovlar tashkil etishga chaqirgan. Bu haqda siyosatchi Fransiyada parlament saylovlarining dastlabki natijalari paydo bo'lganidan keyin o'z partiyasi tarafdorlari oldidagi chiqishi chog'ida bayonot berdi, deb xabar beradi gazeta.ru.