Emmanuel Makron Parij Olimpiadasining ochilish marosimi cheklangan formatda o'tkazilishi mumkinligini ma'lum qildi

    Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron 2024-yilda Parijdagi Olimpiya o'yinlarining ochilish marosimi xavfsizlikka tahdidlar yuzaga kelsa, cheklangan formatda o'tkazilishi mumkinligini ma'lum qildi.

    26-iyul kuni Sena qirg'og'ida politsiya maxsus nazorati ostida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan ochilish marosimida 320 mingdan ortiq kishi ishtirok etishi kutilmoqda.

    “Ochilish marosimi uchun zaxira ssenariylarimiz bor, B va C rejalarimiz bor. Rostini aytsam, bizda marosimni o'tkazishda Trokadero maydoni yoki hatto Stade de Frans bilan cheklanish bilan bog'liq rejamiz bor”, dedi Emmanuel Makron Olimpiadaning ochilishidan 100 kun oldin RMC radiosi efirida.

    “Biz xavfsizlik uchun, xususan, razvedka resurslari uchun mablag' ajratdik. Biz marosim o'tkaziladigan joy atrofida bir necha kun, hatto bir necha hafta ichida xavfsiz perimetrni yaratamiz. Hayotda har doim xavflar mavjud, ammo xavfsizlik perimetri juda keng bo'ladi. Biz kirish-chiqishni tekshiramiz, bundan sakkiz kun oldin hududni to'liq o'rab olamiz”, deya qo'shimcha qildi davlat rahbari.

    Parijdagi Yozgi Olimpiya o'yinlari 26-iyuldan 11-avgustgacha bo'lib o'tadi, deb xabar beradi rsport.ria.ru.