— Hech kimga sir emas, avvallari nogironlikni belgilashda bemor eng birinchi navbatda shifoxonaga yotishi kerak, degan talab mavjud edi. Qolaversa, bunday fuqarolar texnik reabilitatsiya vositalarini bepul olishi uchun ham koʻp hollarda shifoxonada davolanib chiqishi yoki tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan, — deydi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshligʻi Umarali Nazarmatov. — Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2021-yil 3-martdagi “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonining 9-bandida ilgʻor xorijiy tajriba va keng jamoatchilik takliflari inobatga olingan holda nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan shaxslarni klinik-funksional maʼlumotlarni olishga doir qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazmasdan turib, ular nogironligi boʻlgan shaxs deb topilganda nogironlikni muddatsiz davrga belgilash tartibini joriy etilishi boʻyicha topshiriq berilgan.

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda 2021-yil 1-iyundan boshlab belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan shaxslarni klinik-funksional tekshiruvdan oʻtkazmasdan turib, ularni nogironligi boʻlgan shaxs deb topilganda nogironlikni muddatsiz belgilash amaliyoti joriy etiladi. Bu oʻz navbatida ekspertiza oʻtkazish jarayonida byurokratik toʻsiqlar va turli ovoragarchiliklarga barham berish, koʻrik muddatini qisqartirish hamda tartib soddalashishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, nogironlik alomatlari aniq namoyon boʻlgan kasalliklar, shuningdek, noxush klinik prognozga ega xastaliklar va asoratlar bilan nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslar TMEKga belgilangan muddatidan oldin yuboriladi.

Qolaversa, bunday shaxslar nogironlik belgilangunga qadar tibbiyot muassasasi tomonidan ovoragarchiliklarga yoʻl qoʻyilmasdan, statsionar sharoitda davolanishga majbur qilinmasdan, qoʻshimcha tekshiruvlarsiz tibbiy hujjatlari rasmiylashtiriladi va nogironlik belgilash uchun 3 ish kuni ichida TMEKga yuboriladi. Bunday holatlarda nogironlik belgilari mavjudligini statsionar sharoitda isbotlash talab qilinmaydi.

Yuqorida koʻrsatilgan kasalliklar holatlarga mos boʻlgan taqdirda koʻrikdan qayta oʻtkazish muddati koʻrsatilmasdan nogironlik guruhi belgilanadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.