Ushbu qonun loyihasi bilan aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga pensiya olish yoshiga toʻlgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va toʻlash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga oʻtkazilgani munosabati bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi va “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qizgʻin bahs-munozaralar va savol-javoblardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.