Oʻzbekiston delegatsiyasining 2023-yil 4–6-oktyabrda Rossiyaning Qozon shahridagi “Kazan EKSPO” tadbirlar doirasida Qashqadaryo viloyatida “Togʻ changʻi kompleksi” loyihasini barpo etish yuzasidan memorandum imzolangan edi.
Bugun viloyat hokimi Murotjon Azimov Shahrisabz tumanining Gʻyelon qishlogʻida barpo etiladigan mazkur “Togʻ changʻi kompleksi” loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.
Maʼlum boʻlishicha, 1-bosqichda 5,9 km gondolali dor yoʻli (Gʻyelon-Sarchashma), 4 ta togʻ-changʻi yoʻli, 35 ta villa, 1 ta tashrif markazi, 4 yulduzli mehmonxona, 5 qavatli avtoturargoh, restoran, vertolyot maydonchasi, bolalar shaharchasi va daryo boʻylab yoʻlakchalar barpo etiladi va bunga 100 mln dollar investitsiya mablagʻi jalb qilinadi.
Endilikda mehmonlar Gʻyelon yoki Sarchashma qishloqlarining biriga avtomashinada yetib olib, keyingi manzilga togʻ yon-bagʻirlarida qurilayotgan 5.9 km.lik dor yoʻli orqali yetib olishadi.
Loyihaning 2 va 3-bosqichlariga 200 mln dollar investitsiya mablagʻi evaziga 3,8 km oʻrindiqli va 2,9 km gondolali dor yoʻli, 21 ta togʻ-changʻi yoʻli, 3 ta mehmonxona (3, 4 va 5 yulduzli), 2 ta restoran, 75 ta villa, kuzatuv minorasi, attraksionlar (ziplayn, rodelban va skaypark) barpo etiladi.