Endi haydovchi piyodalarga yoʻl bermasa, radardan jarima chiqishi mumkin – Qonun loyihasi

    “Yoʻl harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini qoʻllash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori loyihasi (ID-92892) muhokamaga qoʻyildi.

    Loyiha bilan yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida hamda yoʻl-transport hodisalar oʻchoqlarida maxsus foto-video qayd etish vositalari (radarlar)ni oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi belgilanmoqda.

    Xususan, piyodalarni oʻtkazmaslik va fuqarolarning yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtish kabi qoidabuzarliklarni aniqlovi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlarini oʻrnatish qoidalari tasdiqlanmoqda.

    Bunday vositalar quyidagi texnik talablarni qanoatlantiradi:

    – Bir vaqtning oʻzida uch va undan ortiq yoʻl boʻlaklari hamda chorrahalarda harakatlanayotgan transport vositalarining davlat raqami belgisini aniqlashi mumkin;

    – yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtayotgan fuqarolarning shaxsini aniqlaydi

    – oʻrnatilgan nuqtadan sutkaning kunduzgi va tungi vaqtlarida oʻtuvchi transport vositalarining kamida 95 foizi davlat raqami belgisini aniqlaydi;

    – chorrahalarda hamda uch va undan ortiq yoʻl boʻlaklarida bir vaqtning oʻzida sodir boʻladigan qoidabuzarliklarni aniqlashi mumkin;

    – avtomototransport vositalari davlat raqami belgilarining hududiy kodlari taqsimoti boʻyicha va xorijiy davlatlarga tegishli avtomototransport vositalarning davlat raqami belgilarini aniqlay oladi.