Endi haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar avtomaktablarda oʼtkazilmaydi

    Imtihonlar toʼliq inson omilidan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishi rejalashtirilgan.

    Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida"gi 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qarori doirasida haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʼtkazish huquqiga ega boʼlgan tadbirkorlik subʼektlari tomonidan tashkil qilingan xususiy imtihon markazlari oʼz faoliyatini boshlamoqda. Bu haqda Yoʼl harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, mazkur markazlarda imtihonlar toʼliq inson omilidan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bu haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishi jarayonida eʼtirozlarga sabab boʼlayotgan korruptsion holatlarga chek qoʼyishiga xizmat qilinishi taʼkidlanmoqda.

    Shuni inobatga olib, barcha avtomaktablar maʼmuriyatidan oʼz oʼquvchilariga yoʼl harakati qoidalarini puxta oʼrgatib, haydovchilik huquqini olish masalasiga masʼuliyat bilan jiddiy eʼtibor qaratishlari soʼralmoqda.