Endi issiqxona xoʻjaliklari elektr va gaz uzilishlari haqida oldindan xabardor qilinadi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti «Issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida«gi qarorini (2024-yil, 26-sentyabr) imzoladi.

    2024−2025-yillar kuz-qish mavsumidan boshlab issiqxona xoʻjaliklariga hosil yilining dastlabki 3 oyida (oktyabr, noyabr va dekabr) yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun oldindan toʻlov 50 foiz miqdorida, qolgan qismi oy yakuniga qadar, keyingi oylardan boshlab esa har oyda 100 foiz oldindan toʻlov amalga oshiriladi.

    Mazkur qoida tegishli oyda oldingi davr uchun qarzdorligi boʻlmagan issiqxona xoʻjaliklariga tatbiq qilinadi.

    Bundan tashqari, bosim tushishi yoki uzilishlar boʻyicha issiqxona xoʻjaliklari va muzlatkichli omborxonalarni kamida 24 soat oldin “Hududgaztaʼminot” AJ hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan majburiy xabardor qilish amaliyoti joriy qilinadi. Shartnomalardagi fors-major holatlari bundan mustasno.

    Issiqxona xoʻjaliklari va gaz korxonasi oʻrtasida tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalari har 3-yilda bir marotaba tuziladi. Tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalarining texnik shartlariga gaz uzatuvchi va gaz yetkazib beruvchi tashkilotlar uchun aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yoʻnaltirilgan umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bosimiga oid talablar kiritiladi.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” 2025-yil 1-aprelga qadar issiqxona xoʻjaliklarida ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olib, mavjud resurslarni va ishga solinmagan salohiyatni jalb etish orqali energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish ishlarini tashkil etadi. Energiya samaradorligi boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻlgan korxonalarni ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqadi.