Qarorga koʻra, 2026-yil 1-apreldan tegishli transportni fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida boshqarish hamda ulardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik oʻtkazilgani haqida Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarini xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, xabardor qilish YAIDXP (my.gov.uz) yoki Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Xabardor qilish xizmatidan foydalanish uchun transport egasi YAIDXP yoki mobil ilovada shaxsiy kabinet ochgan holda soʻrovnoma toʻldiradi va unda boshqarish huquqini berish muddatini koʻrsatib oʻtadi.
Boshqarish huquqini olgan shaxs soʻrovnomani tasdiqlash orqali kelgusida unga nisbatan jarima solish toʻgʻrisida qaror rasmiylashtirilib borilishiga roziligini elektron raqamli imzo yoki “Mobile-ID” yoxud “Face-ID” orqali tasdiqlaydi.
Xabardor qilish xizmati uchun BHMning 10 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, avtomototransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi guvohnoma 5-yil muddatga rasmiylashtirilishi belgilandi.