Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasida soʻz boradi. Farmon oʻtgan yilning 30-dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Farmon loyihasiga koʻra, jazoni oʻtab boʻlgan fuqarolarning kelgusida jamiyatdaoʻz oʻrnini topishiga amaliy koʻmaklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy qilinadi.

Ushbu tizim doirasida jazoni oʻtab boʻlgan va oʻzining aniq loyihasini (tadbirkorlik, ishlab chiqarish, meʼmorchilik va h.k.) taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Farmonga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini ishga tushirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasi kiritishi kerak.