Endi MIB xodimlari ham “bodikamera” qo'llashadi

    Prezidentimizning joriy yil 3-yanvardagi farmoniga ko'ra, 2024-yil 1-maydan boshlab, quyidagilar nazarda tutilmoqda.

    Davlatimiz rahbarining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni bilan tatbiq etilayotgan muhim yangiliklarga qisqacha to'xtalmoqchimiz:

    - sud hujjatlari asosida beriladigan ijro hujjatlarining aylanmasi raqamlashtirilmoqda va ijro hujjatlari undiruvchiga elektron shaklda topshiriladi;

    - ijro hujjatlari QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan holda elektron raqamli imzo bilan rasmiylashtiriladi;

    - yuridik shaxslar tomonidan ijro hujjatlari va ijro ishi yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ularning soliq to'lovchi shaxsiy kabineti orqali olinadi va taqdim etiladi.

    Bundan tashqari, fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo'lmagan eng kam kafolatlangan daromad instituti yo'lga qo'yilmoqda, ya'ni ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorliklar bo'yicha pul mablag'larini eng kam iste'mol xarajatlari uchun belgilangan mablag'lar hisobidan ushlab qolish taqiqlanadi.

    Shuningdek, pochta xarajatlari uchun majburiy to'lovlarni undirish jarayoni soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

    1 dekabrdan e'tiboran esa “Majburiyatlar reyestri” instituti yaratiladi. Reyestrni Majburiy ijro byurosi yuritadi va qarzdor mol-mulki yo'qligi sababli undiruv imkoniyati bo'lmaganda, u haqidagi ma'lumotlar reyestrga kiritiladi, ijro ishiga oid barcha cheklovlar saqlab qolinadi. So'ngra qarzdorning mol-mulki va pul mablag'lari aniqlanganda majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.

    Keng jamoatchilik, xususan, jurnalist-blogerlar uchun qiziq va ahamiyatli o'zgarish mavjud. Davlat ijrochilarining faoliyatiga noqonuniy aralashuvning oldini olish, ijro samaradorligini ko'tarish maqsadida xodimlar mobil videokameralar (bodikameralar) bilan ta'minlanib, ayni vositalarning Byuro dasturiy ta'minotlariga integratsiya qilinishi belgilandi.

    Yuqorida sanab o'tilgan qulayliklar nafaqat xizmat chog'idagi ochiqlikni, shaffoflikni ta'minlaydi, balki mas'uliyatimizni yanada kuchaytirishga, ustimizda ko'proq ishlashga, har jihatdan bilimli va madaniyatli bo'lishga undaydi.

    Sohibjon RAPIQOV,

    MIB Namangan viloyat boshqarmasi mas'ul xodimi