Migratsiya agentligi rahbariyati va Makedoniyaning “Kouzon Corporation” kompaniyasi ijrochi direktori Zoran Kochoski oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda Agentlik axborot xizmati.
Qayd etilishicha, uchrashuvda kruiz kompaniyalari hamkorlikda mehnat faoliyatini tashkillashtirish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Endilikda xorijda ishlash istagida boʻlgan ingliz tilini biladigan yurtdoshlarimizga turistik kemalarida tashkillashtirilgan tarzda ishga joylashtirish imkoniyati yaratiladi.
“Kouzon Corporation” 28-yildan buyon dunyo boʻylab 18 ta davlatda faoliyat yuritmoqda. Laynerlar — Oʻrta yer dengizi, Tinch okeani, Skandinaviya, Boltiq, Karib dengizi kabi yoʻnalishlarda harakatlanadi.
Kompaniya ushbu laynerlarga malakali kadrlarni tayyorlash va ishga joylashtirish boʻyicha katta tajribaga ega. Yiliga dunyo boʻylab 20.000 – 25.000 gacha mutaxassislarni ish bilan taʼminlaydi.
Kemalardagi oylik maoshlar dastlabki 6 oylik shartnomada 1200 AQSH dollardan boshlanadi, soʻngra ikki oy taʼtil beriladi va keyingi olti oylik yangi shartnomada tajribaga qarab maosh koʻtarilib boradi hamda 4000 AQSH dollarigacha yetadi.
Yashash bilan bogʻliq xarajatlar kompaniya hisobidan qoplanadi.
Tomonlar kelishuviga koʻra, ishlash uchun zarur boʻlgan C1/D tranzit vizasini olish jarayonlari soddalashtiriladi va ish beruvchi tomonidan 45 - 90 kun oraligʻida rasmiylashtiriladi.
Uchrashuv yakuniga koʻra, mazkur loyihani amalga oshirish boʻyicha Yoʻl xaritasi ishlab chiqiladi.









