Elektr, gaz va suv hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan oʻtkazish vakolatli organlar tashabbusi asosida (proaktiv shaklda) amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-dekabrdagi 847-son qarori bilan Hukumatning 2019-yil 20-avgustdagi 698-son qaroriga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiq suvni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan oʻtkazish davlat xizmati proaktiv shaklda koʻrsatilishi belgilandi.
Endilikda aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektr, gaz, suv hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan oʻtkazish uchun murojaat qilish talabi bekor qilindi hamda hisoblagichlarni davriy qiyoslashdan oʻtkazish muddati kelgan hisoblagichlarni qiyoslashdan oʻtkazish taʼminotchi korxonalar zimmasiga yuklandi.
Maʼlumot uchun: proaktiv davlat xizmati – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz, vakolatli organlar tashabbusi bilan koʻrsatiladigan xizmatlar.
Adliya vazirligi tomonidan mazkur davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organlarning masʼul xodimlariga davra suhbati oʻtkazilib, unda proaktiv shaklda davlat xizmati koʻrsatish tartibi va muddatlari hamda ushbu davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.