Farmonga koʻra, aholi tomorqasi va ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha hokim yordamchisi tomonidan har chorakda oʻrganish olib boriladi.

Oʻrganish davomida xonadondagi tomorqa va ijara yerlarida ekin ekilmagan va qarovsiz qoldirilgan boʻlsa quyidagi choralar qoʻllaniladi.

1. Imtiyozli kreditlar ajratilmaydi.
2. Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolar uchun yordamlar (moddiy yordam yoki bola puli kabi) toʻxtatiladi.
3. Yer soligʻi uch karra yuqori miqdorda hisoblanadi.

Bunda berilayotgan imtiyozlarni vaqtincha toʻxtatish, qayta tiklash va oshirilgan soliq stavkalarini qoʻllash “mahalla yettiligi“ xulosasiga asosan amalga oshiriladi va tegishli maʼlumotlar “Online mahalla“ elektron platformasiga kiritib boriladi.

Tomorqa va ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilgan, yaʼni ekin ekiladigan maydonlariga ekin ekilgan taqdirda, “mahalla yettiligi“ kafilligi bilan barcha imtiyozlar va amaldagi soliq stavkalari tiklab beriladi.