Endi Vengriya har yili Oʻzbekiston fuqarolari uchun 200 tagacha stipendiya ajratadi

    Vengriya hukumati taʼlim toʻlovi, turar joy, tibbiy xizmat va stipendiyani oʻz zimmasiga oladi. Faqatgina aviachipta xarajatlari talabaning zimmasida qoladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev hamda Vengriya Respublikasi Tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyayrto «Stipendium Hungaricum» stipendiya dasturi boʻyicha Hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumiga Qoʻshimcha bayonnomani imzoladilar.

    Ushbu hujjatga muvofiq, har yili Vengriya tomonidan oʻzbek fuqarolari uchun ajratiladigan taʼlim grantlari soni 200 tagacha oshirildi. Bu esa ikki davlat oʻrtasidagi idoralararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, oʻzbekistonlik yoshlar uchun xorijda, xususan Vengriyaning nufuzli OTMlarida taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

    Taʼkidlash joizki, Vengriya hukumati 2018-yildan beri Oʻzbekiston fuqarolarining oʻz OTMlarida taʼlim olishi uchun stipendiyalar ajratib kelmoqda.

    Bugungi kungacha yurtimizdan 400 dan ziyod yoshlar Vengriyaning turli universitetlarida tahsil olib, ushbu dastur imkoniyatlaridan samarali foydalanishgan.

    Vengriya tomonidan taklif etilgan taʼlim yoʻnalishlari Oʻzbekiston iqtisodiyoti ehtiyojlaridan kelib chiqib tanlangan boʻlib, nomzodlar taʼlimni ingliz yoki venger tillarida olish imkoniga ega boʻladi.

    Vengriya hukumati taʼlim toʻlovi, turar joy, tibbiy xizmat va stipendiyani oʻz zimmasiga oladi. Faqatgina aviachipta xarajatlari talabaning zimmasida qoladi.

    Hujjatda tanlov jarayonida shaffoflik va adolatlilikni taʼminlash boʻyicha qoidalar ham aks etgan.