Endi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning bolalar bilan ishlashi qatʼiyan man etiladi

    Mamlakatimizda 18 Noyabr 2023 820

    Kuni kecha Hukumatning maxsus qarori bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi. 

    Endi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning bolalar bilan ishlashi qatʼiyan man etiladi

    Aprel oyida Senatda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.

    Ushbu hujjatga asosan, qonunchilikka voyaga yetmaganlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning bolalarga taʼlim, tarbiya berish, ularni sogʻlomlashtirish, bolalar sporti, ijodiy tashkilotlarda ishlashini taqiqlovchi norma kiritildi.

    Kuni kecha Hukumatning maxsus qarori bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva oʻzining telegramdagi sahifasida mazkur hujjatni sharhlab quyidagicha fikr qoldirdi:

    "Endilikda qasddan odam oʻldirish, voyaga yetmagan shaxsning nomusiga tegish, voyaga yetmagan shaxs tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoki saqlash, terrorizm, shuningdek, boshqa turdagi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar mazkur reyestrga kiritiladi. Reyestr maxsus axborot tizimi orqali shakllantiriladi va yuritiladi.

    Eng muhim va eʼtiborli tomoni shundaki, reyestrga kiritilgan shaxslarni ishga qabul qilish bilan bogʻliq jarayonlar ushbu axborot tizimidan olingan maʼlumotlar asosida nazorat qilib boriladi.

    Qonunchiligimizdagi bu kabi oʻzgartirishlar zamon talablariga xos va insonparvarlik uchun oʻta ahamiyatlidir.

    Oldimizda ushbu sohada yechimini kutayotgan yana qator masalalar mavjud. Biz bu yoʻnalishdagi ishlarimizni faol davom ettirgan holda, qonunlarni yanada takomillashtirishga, targʻibot ishlarini yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

    Bundan buyon ham ayollarimiz va farzandlarimizning huquqlarini ishonchli himoya qilish faoliyatimizning ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi", deyiladi xabarda.