Endi yangi qurilgan uylar 2 yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida boʻladi

    Urbanizatsiya 27 Aprel 2021 1852

    AOKAda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov ishtirokida brifing oʻtkazildi.

    Muhim maʼlumotlar:

    Respublikamizdagi mavjud koʻp qavatli uylarning 2,838 tasi yoki jami uylarning 8% ga hech qanday xizmatlar koʻrsatilmaydi. Ular boshqaruvga ega emas.

    Oʻtkazilgan tahlillar natijasida, 4 430ta shirkatlardan 1 351tasining moliyaviy holati yaxshi, 1 903 tasiniki oʻrta va 1 176 tasiniki ogʻir holatda ekani aniqlangan.

    Bugungi kunda uy-joy mulkdorlari tomonidan toʻlanayotgan majburiy badal mablagʻlarining qariyb 80 foizi oldin olingan kredit mablagʻlarini qoplashga yoʻnaltirilgan. Shirkatlarda moddiy-texnik bazani shakllantirish va ularning moliyaviy holatini barqarorlashtirish imkoni mavjud emas.

    Shirkatlar tomonidan koʻrsatilayotgan servis xizmatlar sifati past, shu bois aholi orasida majburiy badal toʻlovlarini toʻlamaslik holati uchramoqda. Natijada olingan kreditlar oʻz vaqtida qoplanmayapti.

    Ushbu holatlar koʻp kvartirali uylarning boshqarish tizimini tubdan isloh qilishni talab etadi. Bu borada ilgʻor davlatlar, xususan Germaniya va Turkiya tajribasi oʻrganildi. Shulardan kelib chiqib, qator takliflar ishlab chiqilib, ishlar boshlanish arafasida.

    Bundan buyogʻiga yangi qurilgan uylar 2 yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida boʻladi. Bu nima degani?

    Quruvchi tashkilot koʻp kvartirali uy-joylarni loyihalash va qurish jarayonida unga xizmat koʻrsatishini ham inobatga olib yuqori sifatni taʼminlashga yana-da jiddiy eʼtibor qaratadi.

    Quruvchi koʻp kvartiradagi xonadonlarni xaridorga sotgan vaqtida, shu uyning majburiy badali xarajatlarini asoslantirgan holda shartnoma tuzadi. Shuningdek, aholida fasad qismlarini oʻzgartirmaslik majburiyati paydo boʻladi.

    Mavjud boshqaruv kompaniyalar hududi belgilanib biriktiriladi va hududdagi ichki kommunikatsiya tarmoqlari boshqaruv kompaniya tasurrufiga oʻtkaziladi.

    Boshqaruv tashkilotlarining elektron reytingi tuziladi va elektron tizimga integratsiya qilinadi. Yaʼni aholi oʻz hududlari uchun reytingda ijobiy koʻrsatkichlarga ega boʻlgan boshqaruv tashkilotlarini tanlay oladilar. Oʻz navbatida sohada sogʻlom raqobat yuzaga keladi, xizmat sifati yaxshilanadi, pirovard natijada aholining boshqaruv tashkilotlariga ishonchi ortadi.

    Shirkatlar rahbarlari va xodimlarini koʻp kvartirali uylarni boshqarish menedjmentiga, shuningdek tor doiradagi mutaxassislikka oʻqitish rejalashtirilgan.

    Aholini koʻp qavatli uylarda yashash madaniyatini kichik yoshdan shakllantirish maqsadida maktab darsliklariga kommunal xizmatlardan toʻgʻri foydalanish koʻnikmalari kiritiladi.