Qayd etilishicha, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 36-moddasi 3-qism bilan toʻldirilib, unga muvofiq, yoʻl harakati qoidalari buzilganligi foto va video vositalari orqali qayd etilgan hollarda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab 1 oydan kechiktirmay, qaror ustidan shikoyat qilinganda esa 1-yildan kechiktirmay qoʻllanishi mumkin boʻladi. Yaʼni endilikda kamera va radar orqali aniqlangan huquqbuzarliklar uchun qaror 1 oydan kechiktirib chiqarilgan boʻlsa jazo qoʻllanmaydi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoʻl harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish hamda yoʻl harakati xavfsizligini nazorat qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim xorijiy davlatlarda maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “ogʻzaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi borligi, bunda birinchi marta kam ahamiyatli maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jarimaga tortish oʻrniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olishda yuqori natijalarga erishilayotganligi kuzatilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga “maʼmuriy ogohlantirish” jazo chorasini kiritish va ijtimoiy xavfliligi kam boʻlgan yoʻl harakati xavfsiziligi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosini qoʻllashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasi avtomobillardan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, sohada fuqarolarni qiynab kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.