Endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda

    Qonun loyihasi bilan bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

    Qonun loyihasi bilan bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Bunda bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini taʼminlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda.

    Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllariga taʼrif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan taʼqib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash koʻzda tutilmoqda.

    Bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.

    Mazkur qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinyapti. Yaʼni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zoʻravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxsga hamda zoʻravonlikdan jabrlanuvchining oʻziga beriladi.

    Bundan tashqari, loyihada bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qoʻyilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishi, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishi hamda zararli taʼsir koʻrsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

    Qonun loyihasida taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻyilmasligi, taʼlim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zoʻravonlikning har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qoʻllashga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilanmoqda.

    Majlisda taʼkidlanganidek, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalar toifalarining (yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shugʻullanayotgan bolalar) qonun loyihasida aniq belgilab berilganligi, sohadagi vakolatli organlarga zoʻravonlikdan jabrlangan, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirishiga yordam beradi.

    Loyihada, shuningdek, zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlari hamda ularni zoʻravonlikdan himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari belgilanmoqda. Xususan, zoʻravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qoʻllash uchun asos boʻladi.

    Deputatlarning taʼkidlashicha, loyihaning qabul qilinishi bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga murosasiz munosabatda boʻlish, zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan bir ovozdan qabul qilindi.