Bu boʻyicha Vazirlar Mahkamasining “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharlardagi (jadvalda koʻrsatilgan) barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini bemorlarga tayinlashda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha (agar mavjud boʻlsa) elektron retsept rasmiylashtiriladi.
2026-yil oxiriga qadar elektron retsept tizimi respublika boʻylab barcha hududlarda joriy etilishi belgilangan.
Bemorlarga tayinlangan dori vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumot (xalqaro patentlanmagan yoki original dori nomi, kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi) elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi hamda elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlanadi.
Shuningdek, tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarning mavjud axborot tizimlarini Sogʻliqni saqlash vazirligining Raqamli sogʻliqni saqlash platformasiga va axborot tizimiga ulash yoki ularning soʻroviga asosan ularda vazirlikning “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimi modullari bepul oʻrnatiladi.
Tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Sogʻliqni saqlash vazirligining “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimiga ulanish uchun zarur moddiy-texnik bazaga, barqaror Internet va elektr tarmogʻiga ega boʻlishlari shartligi belgilandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi 2027-yil 1-yanvarga qadar retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash natijalaridan kelib chiqib, alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlovchi dori vositalarini ham elektron retsept asosida berish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Hujjatga koʻra, elektron retsept asosida tayinlanadigan dori vositalari Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi kerak.
Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor maʼlumotlari tibbiyot tashkilotida joriy qilingan tibbiy axborot tizimiga kiritiladi hamda ushbu maʼlumotlar avtomatik tarzda “Elektron tibbiy karta” moduliga uzatiladi.
Bemorga dori vositalari tibbiyot tashkilotida joriy qilingan tibbiy axborot tizimida elektron retsept rasmiylashtirish orqali tayinlanadi va bevosita davolovchi shifokor tomonidan elektron tasdiqlash usullarida tasdiqlanib, QR kod avtomatik tarzda qoʻyiladi. Bunda elektron retseptga oid zarur maʼlumotlar avtomatik tartibda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi.








