Endilikda yerlarni ikkilamchi ijaraga berish mumkin

    Agrosektor 30 Sentabr 2020 717

    2020-yil 29-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan OʻRQ–639-sonli “Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan va oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi.

    Qonun bilan Yer kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish mumkin.

    Bunda, ushbu toifadagi yerlar 1 yilgacha muddatga ikkilamchi ijaraga beriladi.

    Investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yoki oʻrmon fondi yerlarini ikkilamchi ijaraga berish taraflarning kelishuviga koʻra, lekin yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.

    Yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.

    Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasining muddatidan ilgari bekor qilinishi ikkilamchi ijara shartnomasining ham bekor qilinishiga sabab boʻladi (shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa).

    Yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish taraflarning kelishuviga koʻra, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning qaroriga koʻra amalga oshiriladi.

    Ikkilamchi ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasi oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas.

    “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalari qishloq xoʻjalik ekinlarini oraliq ekish uchun 1 yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin.

    “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, dehqon xoʻjaliklari oʻziga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalarini yoki uning bir qismini qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish maqsadida vaqtincha foydalanishga berishi mumkin.

    Bunda, yer uchastkasidan vaqtincha foydalanish tartibi taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi.

    Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.