Farmon bilan 2021-yil 1-iyundan davlat xizmatlari ko'rsatish va ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish bo'yicha quyidagi engilliklar yaratilmoqda:
- 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini (tug'ilish, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralish, o'lim, ism va familiyani o'zgartirish, otalikni belgilash hamda farzandlikka olishni) qayd etish;
- nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish;
- xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.
Notarial harakatlarni amalga oshirishda FHDYO bilan bog'liq barcha ma'lumotlar fuqarolardan talab qilinmasdan elektron tizimi orqali olinadi.
Tadbirkorlik sub'ekti bo'lgan yuridik shaxslarning vakiliga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun yig'im va davlat bojini naqd pul shaklida to'lashga ruxsat berildi.
SHuningdek, xorijiy tijorat tashkilotlarining O'zbekistondagi vakolatxonasi xodimini akkreditatsiya qilishda OITS kasalligi yo'qligi to'g'risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilindi.
QR-kod (matrik shtrixli kod) orqali berilgan hujjatlar bo'yicha ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilindi. endilikda ushbu hujjatlarning dublikatini YAIDXP orqali bepul olish mumkin.
450 dan ortiq qonun hujjatida belgilangan 18 turdagi ma'lumot va hujjatlarni aholi hamda tadbirkorlardan talab qilinishi bekor qilindi, ushbu hujjatlar vakolatli davlat organi tomonidan “elektron hukumat” platformasi orqali olinadi.
18 turdagi ma'lumotlarni va hujjatlarni idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda “elektron hukumat” tizimi orqali berish yo'lga qo'yiladi. Natijada aholining idorama-idora sarson bo'lib yurishi oldi olinadi.
Farmonga ko'ra, 2021-yil 1-maydan xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat bojini elektron shaklda YAIDXP orqali to'lash imkoniyati yaratiladi.
2021-yil 1-iyundan 16 yoshga to'lgan shaxslarga ID-kartalari berish ularni soliq to'lovchi sifatida hamda pensiya tizimida hisobga qo'yish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
2021-yil 1-iyuldan soliq organlarida soliq to'lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)dan foydalangan holda amalga oshiriladi.
JSHSHIR barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko'rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator deb hisoblanishi belgilandi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritishga yo'l qo'yilmaydi.
2021-yil 1-iyulga qadar:
- O'zbekiston fuqarolarining hamda O'zbekistonda yashash guvohnomasiga ega bo'lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning STIRi JSHSHIR bilan o'zaro birlashtiriladi;
- STIR mavjud bo'lmagan fuqarolarni va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni JSHSHIR orqali soliq to'lovchi sifatida hisobga qo'yadi.
2021-yil 1-iyundan:
Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat ro'yxatidan o'tkazish bo'yicha yagona vakolatli organ deb belgilandi.
SHuningdek, hozirda ro'yxatdan o'tkazishning huquqiy asosiga ega bo'lmagan davlat organlari va tashkilotlarini, yuridik shaxslar birlashmalari, shirkatlar, matlubot va kooperativlar hamda advokatlik tuzilmalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.