Endi hokim bir vaqtning oʻzida vakillik hokimiyatiga boshchilik qilmaydi

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-976-son, 17.10.2024-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga hokimlarning hamda xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Jumladan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunidan viloyat, tuman, shahar hokimi bir vaqtning oʻzida tegishli hududdagi vakillik hokimiyatiga boshchilik qilishi haqidagi norma chiqarib tashlanmoqda.

    Hokimlarga tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyasiga masalalar kiritish, zarurat boʻlganda Kengash sessiyasi chaqirilishini talab qilish va tegishli xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid boʻlgan qarorlarini bekor qilish uchun Senatga yoki sudga murojaat qilish kabi qator yangi vakolatlar berilmoqda.

    Shuningdek, xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, u oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi belgilanmoqda, uni vakolatlari muddati tugaguniga qadar lavozimidan ozod qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi talab mustahkamlanmoqda.

    Bunda ushbu tizimda roʻyxatdan oʻtkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

    “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manba maqomi berilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilmoqda.

    Qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Oliy Majlisga bir guruh deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan.