Endilikda ilmiy ish va monografiyalarga uch ish kunida xulosa beriladi

    Fan 20 Noyabr 2020 5507

    Sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xojibayevning buyrugʻi bilan tibbiyot sohasiga oid ilmiy ish, monografiya va dissertatsiyalarni koʻzdan kechiruvchi vazirlikning muvofiqlashtiruvchi — ekspert kengashi tuzilib, ularning ishlash tizimiga yangilanish va oʻzgartirishlar kiritildi.

    Yangi tartibga koʻra, kengash uch ish kunida tadqiqotchilarning ishlariga xulosa berishlari talab etiladi.

    Ushbu sohaga kiritilgan zamonaviy, innovatsion tizim tibbiyot va farmatsevtika ilm-fanini amaliyotga integratsiyasini yana-da kuchaytirish hamda koʻrsatkichlarni, ilmiy-tadqiqot va ratsionalizatorlik salohiyatini oshirish, tadqiqotchilarga keng qulayliklar yaratish maqsadida yoʻlga qoʻyildi.

    — Ilgari tayanch doktarant va doktarantura nomzodlari, mustaqil izlanuvchilar oʻz ishlarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazib, xulosa olishlari uchun oylab kutishi va turli qogʻozbozlikka uchrashiga toʻgʻri kelardi, - deydi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov. — Yangicha mexanizm esa, ayni shu muammolarni bartaraf etibgina qolmay, tizimda shaffoflik, ochiqlik hamda adolat tamoyillarining yana-da ustun boʻlishini taʼminlaydi. Chunki ushbu jarayonda inson omili ishtirok etmaydi. Uslubiy tavsiyanomalar, qoʻllanmalar va monografiyalarga tegishli hujjatlarning barchasi anonim va elektron shaklda Sogʻliqni saqlash vazirligining muvofiqlashtiruvchi — ekspert kengashiga taqdim etiladi. Kengash tomonidan esa, 3 ish kunida antiplagiat tizimida tekshiruvdan oʻtkazilib, xulosa beriladi.

    Buyruqqa asosan, vazirlikning muvofiqlashtiruvchi — ekspert kengashi aʼzolariga faoliyati uchun lavozim maoshiga nisbatan har oyda belgilangan tartibda foiz belgilanib, doimiy ravishda ragʻbatlantirib boriladi. Shuningdek, kengashga tibbiyot va farmatsevtika fanlari boʻyicha davlat ilmiy dasturlari va dissertatsiya mavzularini shakllantirish, tibbiyotda ilmiy izlanishlarni rejalashtirish va amalga oshirishda obyektivlikni kuchaytirish, olingan natijalarni respublika sogʻliqni saqlash tizimida keng tatbiq etish, mamlakatimizda tibbiyot ilm-fanini rivojlantirish konsepsiyasini tayyorlash kabi bir qator vazifalar yuklatilgan.

    — Ayni paytda mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida 11 ta oliy taʼlim muassasasi va 19 ta respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazi hamda 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti mavjud, — deydi mazkur muvofiqlashtiruvchi-ekspert kengashi raisi, vazirlikning boshqarma boshligʻi Akmal Sidikov. — Ushbu muassasalarda joriy yil tibbiyot fanlari boʻyicha 164 ta doktorlik dissertatsiyalar himoya qilindi. Shulardan 34 nafari doktorlik (DSc) va 130 nafari fan nomzodlik (PhD) ishlari hisoblanadi. Oʻtgan 9 oy ichida ilmiy tadqiqotlar natijalariga koʻra sogʻliqni saqlash tizimida ixtirolar va foydali modellar uchun 5ta patent hamda EHM dasturi uchun 18 ta guvohnoma olindi. Sohadagi yangilanish ushbu jarayonlarning operativligi va samaradorligini ikki-uch barobarga koʻtaradi.

    Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi oʻzgarish va yangilanishlar mamlakatimizda tibbiyot sohasining fundamental va amaliy ilm-fani taraqqiyotini bir qadam ilgarilatib, soha rivojiga ulkan hissa qoʻshishi shubhasiz.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.