Seulda boʻlib oʻtgan uchrashuvda, dastlab ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari xususida soʻz bordi. Mehnat munosabatlariga oid mavjud muammolar oʻrtaga tashlanib ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida endilikda yurtdoshlarimiz Koreyada qishloq xoʻjaligi sohasidagi mavsumiy ishlarda mehnat qilishi mumkin boʻladi.
Xususan, qishloq xoʻjaligi, agrotexnologiyalar boʻyicha ishlab, malakasini oshiradi, bu orqali ayni yoʻnalishdagi bilim va koʻnikmalarini boyitib, yurtimizga katta tajriba bilan qaytishi mumkin.
Bundan tashqari professional kasb-hunarga ega boʻlgan oʻgʻil-qizlarning ham Koreyada ishlash imkoniyatlari paydo boʻlmoqda.
Aytish kerakki, ushbu yoʻnalishda yaʼni, maʼlum bir kasb-hunarga ega boʻlgan, qoʻlida diplomi bor mutaxassislar koʻp. Endilikda ular ham oʻz sohasidan kelib chiqib Koreyada faoliyat olib borishi yoʻlga qoʻyiladi.
Ayni yoʻnalishda Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishildi. Uchrashuvda yurtdoshlarimizning namunali faoliyat olib borishi, Koreya davlati qonunlarini hurmat qilishi ikki davlat hamkorlik munosabatlarining yanada taraqqiy etishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Koreyaga vaqtincha ishlash uchun boradigan har bir nomzod bilan mutaxassislar alohida shugʻullanishi, ushbu davlatning mehnat va migratsiya qonunchiligi, madaniyati, urf-odat va anʼanalari xususida axborotlar berib borilishi maʼlum qilindi.
Koreya Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan alohida qayd etildiki, agarda oʻzbekistonlik ishchilar Koreya Respublikasining mehnat qonunchiligini buzmasa, nolegal faoliyatga oʻtmasa, oʻz ish joylarini asossiz tashlab ketmasa Koreya tomoni hamyurtlarimiz uchun har qanday ishchi viza turini eng yuqori darajada ochib berishga tayyorligini bildirdi.