O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 11 maydagi "2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni va 21 iyundagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish, ta’lim sifatini yaxshilashda dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Yuqoridagi farmonga muvofiq, 2022 yil 1 dekabrga qadar maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim, ko‘nikmalarini baholash va shuning natijasi bo‘yicha ularga menejerlik sertifikatini berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, nomzodlarni menejerlik sertifikatini olishi uchun A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida maxsus pulli dasturlar asosida jamoada ishlash, ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalariga o‘qitish belgilangan.
Bu vazifalarni bajarishda Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev xizmat safari bilan Yaponiya davlatida bo‘lib qaytdi.
Yaponiyada maktab direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlash tajribasini o‘rganib, Sukuba universiteti bilan O‘zbekiston maktab direktorlarini milliy sertifikatlash modelini ishlab chiqishga kelishildi.
Ayni vaqtda mazkur kurslarni tashkil etish uchun ishchi o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqildi. O‘quv reja va dasturlarni ishlab chiqishda milliy va xorij tajribasi o‘rganildi.
Shuningdek, o‘quv reja va dasturlar mazmuniga Prezident huzuridagi boshqaruv akademiyasi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Bosh ilmiy-metodik markazning tajribali mutaxassislaridan xulosalar olindi.
Endilikda maktab direktori lavozimiga tayinlanadigan yangi nomzodlar, direktorlarni o‘qitish maxsus kursida o‘qigan va yakuniy imtihondan o‘tib, menejerlik sertifikatini olgan bo‘lishi shart.
Ya’ni, Milliy-tadqiqot instituti tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim, ko‘nikmalari baholanib, natijasi bo‘yicha menejerlik sertifikati beriladi.