Endilikda oʻquvchilar aniq mezonlar asosida baholanadi

    Ta'lim 29 Iyul 2020 5202

    “Umumiy oʻrta taʼlimning milliy oʻquv dasturining baholash komponenti” mavzusidagi onlayn oʻquv seminari yakunlandi.

    Xalqaro ekspert Metyu Goldi-Skott trenerligida 7 kun davom etgan seminarda qatnashgan mutaxassislar oʻquvchilar natijalarini baholash boʻyicha malaka oshirishdi.

    Seminarning soʻngi kunida Milliy oʻquv dasturining baholash komponentini ishlab chiqish boʻyicha kelgusi qadamlar belgilab olindi.

    Unga koʻra, endilikda Respublika boʻyicha barcha maktablarda oʻquvchilar bilimi sinfga nisbatan faollik darajasiga qarab emas, aniq belgilab qoʻyilgan bir xil mezonlar asosida baholanadi.

    Taklif etilayotgan yangi baholash tizimi joriy yilning avgust oyi yakuniga qadar ishlab chiqiladi va 2020-2021-oʻquv yilining I-III choragida xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari hamda tegishli oliy taʼlim muassasalarida ekspertizadan oʻtkaziladi.

    Seminarning yakunida UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi taʼlim sektori rahbari Dipa Shankar, Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat Sattorov, Respublika taʼlim markazi direktori oʻrinbosari Mehriniso Pardayevalar seminar sermahsul va muvaffaqiyatli oʻtganini taʼkidlashdi.

    Oʻtkazilgan mashgʻulotlarda faol qatnashgan ishtirokchilarga maxsus sertifikat topshirildi.