«Barcha islohotlarimiz negizida, eng avvalo, inson qadri, tadbirkorlarimizning manfaatlari yotibdi.
Shu bois sud mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qatʼiy siyosat olib boramiz. Bugungi tadbirkor, bu – kechagi tadbirkor emas. Ularning huquqiy savodxonligi oshganini sudlarga murojaat koʻpayganida ham koʻrish mumkin», — dedi davlatimiz rahbari.
Endilikda tadbirkorlar iqtisodiy va maʼmuriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qilishi mumkin boʻladi.
Sudlarning moddiy zararni undirish boʻyicha qarorlari ijrosi kechikayotgan holatlar borligiga eʼtibor qaratildi.
Aslida, undirilishi kerak boʻlgan qarzdorlikning har bir kechikkan kuni tadbirkorning zarariga ishlamoqda.
Shuning uchun xalqaro tajriba asosida “astrent” tizimi joriy qilinadi. Bunda moddiy zararni qoplash kechiktirilgan har bir kun uchun qarzdor hisobidan penya undirish sud qarorida aniq belgilab qoʻyiladi.








