​​Joriy yilning oktyabr oyida “Saxovat” parrandachilik xoʻjaligi va “KFC Tojikiston” oʻrtasida tovuq goʻshtidan tayyorlangan yarim tayyor mahsulotlar yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolandi. Oʻzbekiston kompaniyasi joriy yilning oxirigacha Tojikistonga 30 tonnagacha mahsulot eksport qilishni rejalashtirgan.

“Saxovat” quyidagi bir qator sabablarga koʻra, Tojikiston Respublikasidagi xalqaro KFC restoranlar tarmogʻi uchun yetkazib beruvchi sifatida tanlandi:

- ishlab chiqarish va mahsulot sifatini nazorat qilish boʻyicha KFCning global talablariga muvofiqligi;

- mahsulotlarda biologik va kimyoviy ifloslanish yoʻqligini tasdiqlovchi xalqaro SGS sertifikatining mavjudligi;

- “Halol” sertifikatining mavjudligi;

- mamlakatlarning geografik jihatdan yaqinligi va Oʻzbekistonda parrandachilikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi natijasidagi raqobatbardosh narx.

Eslatib oʻtamiz, 2021-yil iyun oyida Oʻzbekistonda parrandachilik bilan shugʻullanuvchilar tuxum va goʻsht sotish uchun subsidiyalar olishga muvaffaq boʻlishdi, bir qator soliqlar 2 baravar kamaytirilishiga, shuningdek, kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismi qoplanishiga erishdilar. Bu mahsulot tannarxini pasaytirib, respublikaning eksport imkoniyatlarini kengaytirdi. Joriy yilning 1-oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda parrandalar soni 86 million boshdan ortdi (oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oʻsish 4,7 foiz).

Saxovatning Pskent boʻlimida Oʻzbekiston va Tojikistondagi KFC tarmoqlari uchun mahsulotlar ishlab chiqaradigan alohida sex ishlaydi.

Maʼlumot uchun:

2021-yilning yanvar-sentyabr davri yakunlariga koʻra, Tojikiston Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlari roʻyxatida 11-oʻrinni egallab turibdi. Ushbu davrda mamlakatlar oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi 407,5 million dollarni tashkil etdi.

Tojikiston Oʻzbekiston bilan hamkorlik qiladigan davlatlarning birinchi 20 taligidagi faol tashqi savdo balansini (eksport importdan koʻproq) saqlanib qolayotgan toʻrtta mamlakatdan biridir.