Endi qonun loyihalari majburiy ravishda ilmiy ekspertizadan oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda 23 Yanvar 2025 528

    Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganlik darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 22-yanvardagi 29-son qarori bilan qonunchilik hujjatlarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi tasdiqlandi.

    Unga koʻra, endilikda qonun loyihalari majburiy ravishda, qonunosti hujjatlari zaruratga koʻra ilmiy ekspertizadan oʻtkaziladi.

    Ekspertiza tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

    Adliya vazirligi ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy taʼlim muassasalarining reyestrini yuritadi.

    Ilmiy ekspertizada loyihaning nazariy va ilmiy asoslarga muvofiqligi, sohada mamlakatni rivojlantirish konsepsiya va strategiyalari, zamonaviy yondashuvlarga mosligi oʻrganiladi hamda loyihani takomillashtirish boʻyicha takliflar beriladi.

    Ekspertiza natijalari boʻyicha loyiha ilmiy asoslanganligi, yetarli darajada ilmiy asoslanmaganligi yoki ilmiy asoslanmaganligi toʻgʻrisida xulosa beriladi.

    Ushbu xulosa loyihani Adliya vazirligi va qabul qiluvchi organlarga kiritishda ilova qilinishi shart.

    Shuningdek, aholini oldindan xabardor qilish va jamoatchilik fikrini olish uchun vazirlik va idoralar oʻz ishlab chiqayotgan yoki ishlab chiqishni rejalashtirayotgan loyiha toʻgʻrisida rasmiy veb-saytiga maʼlumot joylashtirib borishi shart. Ushbu maʼlumotda loyihaning mazmuni, taklif yuborish muddati va aloqa manzillari koʻrsatiladi hamda kelib tushgan takliflarni koʻrib chiqish natijalarini ham saytga yuklaydi.

    Shu bilan birga, zarur hollarda bevosita manfaatdor tomonlar bilan muhokamalar tashkil qilingan holda koʻrib chiqiladi.