Energetika bozori erkinlashtiriladi

    Energetika 7 Fevral 2022 2079

    Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” PF-60-son Farmoni bilan 2022-yilgi Davlat dasturi tasdiqlandi. Unga asosan Oʻzbekistonda energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlari ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda erkinlashtiriladi.

    Farmonga binoan, 2022-yil davomida energetika sohasiga bozor mexanizmlarini olib kirishning huquqiy asoslari yaratiladi.

    Dasturda, energetika sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish va ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy isteʼmol normalarini kiritish koʻzda tutilgan.

    Bu borada aprel oyiga qadar prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Qaror loyihasi energetika sohasida sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish va narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy qilishga qaratiladi.

    Elektr energiyasi taʼminotida monopoliya bekor qilinadi va sohaga ijtimoiy himoya kafolatlari belgilangan holda bozor mexanizmlari joriy etiladi.

    Bunda:

    1. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini “yagona xarid qiluvchi” funksiyasini magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasidan ajratish orqali, yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajaruvchi alohida aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi;

    2. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga xususiy operatorlarni jalb qilish boʻyicha asosiy talablar belgilanadi;

    3. “Oʻzbekgidroenergo” AJ kichik va oʻrta investitsiya loyihalariga xususiy investorlarni jalb etadi.

    Yuqoridagilarga muvofiq: elektr energiyasi va tabiiy gazning raqobatli bozorini tartibga soluvchi mustaqil organ – regulyator, yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajaruvchi korxona hamda milliy dispetcherlik markazi tashkil etiladi.

    Davlat dasturiga binoan, xalqaro tajribani oʻrgangan holda 2022-yil aprelga qadar ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun energiya resurslari boʻyicha ijtimoiy isteʼmol normalarini kiritish boʻyicha hukumatga takliflar kiritiladi.

    Bundan tashqari, yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi (2022-yil sentyabrgacha) va “Tabiiy gaz toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi (2022-yil oktyabrgacha) ishlab chiqiladi; Magistral elektr tarmoqlari kodeksi (Grid Code)ni tasdiqlash toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasi (2022-yil iyungacha) tayyorlanadi.

    Shuningdek,
    1. Taqsimlovchi tarmoqlarni ekspluatatsiya qilish, isteʼmolchilarni tarmoqqa ulash, tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutgan holda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni oʻzida mujassamlashtirgan Taqsimlash tarmoqlari qoidalari kodeksi (Distribution Code)ni tasdiqlash toʻgʻrisida (2022-yil oktyabr oyiga qadar);

    2. Elektr energetikasi bozor ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi “Bozor qonun-qoidalari toʻgʻrisida”gi hukumat qarorlari loyihalari (2022-yil oktyabrgacha) tayyorlanadi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.