Energetika menejmenti sohasida Koreya tajribasini qoʻllash boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 14 Iyun 2021 1047

    Oʻzbekiston Energetika vazirligida KEA Korea Institute for Climate Change (KICC) kompaniyasi prezidenti Kim Gap Chol boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida hamkorlik masalalari, xususan, bioenergetika sohasida, shuningdek koreyalik mutaxassislar va energiya auditi kompaniyalarini jalb qilgan holda iqtisodiyot tarmoqlari xodimlarining malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Koreya kompaniyalari rahbari Oʻzbekistonda grant asosida bir qator pilot loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi.

    Xususan, energetika menejerlari uchun oʻquv markazi va “Bio Energy Center” bioenergiya klasterini yaratish, energiya talab qiladigan korxonalarning asosiy mahsulotlarini ishlab chiqarishda energiya samaradorligini aniqlash loyihasini yaratish taklif qilindi.

    Shuningdek, Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanadigan energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti negizida quyosh fotoelektr stansiyalarining samaradorligini aniqlash laboratoriyasini tashkil etish taklif qilindi.

    Muzokaralar davomida tomonlar muhokama qilingan loyihalarni batafsil koʻrib chiqish boʻyicha kelishuvga erishdilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.