Energetika muammolari instituti tashkil etildi

    Energetika 5 May 2021 2352

    Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Energetika muammolari institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra:

    Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Energetika vazirligining “Oʻzbekenergo” AJ Ilmiy-texnika markazi” MCHJ negizida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Energetika muammolari institutini tashkil etiladi.

    Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

    – respublikada energetika barqaror rivojlanishining kelajak strategiyasini ishlab chiqish, oʻrta va uzoq istiqbolda yoqilgʻi-energetika kompleksining rivojlanishi va modernizatsiyasi boʻyicha dasturlarni tayyorlashda ishtirok etish;

    –muqobil (noanʼanaviy) energiya asosidagi yangi texnologiyalar, energetik uskunalar va tizimlarning respublika iqlim sharoitlarida resurs koʻrsatkichlarini oʻrganish maqsadida sinovlarni amalga oshirish;

    –iqtisodiyot tarmoqlari energiya sarfini pasaytirish boʻyicha kompleks tadqiqotlarni oʻtkazish va aniq tavsiyalar ishlab chiqish;

    –energetika sohasida raqamli iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish, “intellektual tarmoqlar” nazariyasini rivojlantirish va energetika sohasiga joriy etish usullarini ishlab chiqish;

    –mamlakatning energetik xavfsizligini taʼminlash, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda yoqilgʻi-energetika kompleksi obyektlarining barqaror faoliyatini taʼminlash boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;

    –mintaqaning qoʻshni davlatlari oʻrtasida yoqilgʻi-energiya manbalaridan birgalikda foydalanish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;

    –iqtisodiyotning turli sohalarida anʼanaviy, shuningdek muqobil va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish bilan bogʻliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish;

    –yoqilgʻi-energetika resurslaridan ularni hosil qilish, saqlash, yetkazib berish va foydalanish bosqichlarida samarali foydalanish usullarining ilmiy-texnik darajasini oshirish;

    –yoqilgʻi-energetika resurslarini hosil qilish, saqlash, yetkazib berish va taqsimlash tannarxini pasaytirish maqsadida zamonaviy energetik texnologiyalarni transfer qilish va respublika sharoitiga moslashtirishni asoslash, energetika sohasiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

    –mamlakatda energetik mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, unga xizmat koʻrsatuvchi tarmoqlar rivojiga ilmiy-texnik jihatdan koʻmaklashish;

    –sohadagi xorijiy muassasalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsiya modellardan keng foydalanish, jadal axborot almashinuvini taʼminlash;

    –sohada fan va taʼlim integratsiyasini taʼminlash maqsadida oliy taʼlim tashkilotlarining energetika yoʻnalishidagi fakultet va kafedralari oʻquv dasturlari va metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqishda ishtirok etish, talabalarning laboratoriya ishlarini bajarish uchun Institut laboratoriyalaridan foydalanish, Institut ilmiy xodimlarining dars jarayonlarida ishtirok etishini taʼminlash orqali yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashda ishtirok etish;

    –energetika sohasidagi ilmiy yoʻnalishlar va tegishli ixtisosliklar boʻyicha ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash.

    Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda Institut nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega boʻladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilot sifatida davlat buyurtmalari va dasturlarini amalga oshirishda hamda fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borishda ishtirok etadi.

    Energetika vazirligining “Oʻzbekenergo” AJ Ilmiy-texnika markazi” MCHJning barcha huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

    Institutga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ustavida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi hamda u Fanlar akademiyasining tegishli vitse-prezidenti bilan kelishgan holda Institut direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga, jumladan, direktorning ilm-fan boʻyicha oʻrinbosari hamda direktorning umumiy masalalar boʻyicha oʻrinbosariga ega boʻladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga, zarurat boʻlganda, Institut tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilmoqda.

    Institut Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Chingiz Aytmatov koʻchasi 2B-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilmoqda.