Tadbir davomida energetika sohasidagi professional xotin-qizlarni birlashtirgan mustaqil organ sifatida tashkil etilgan Uyushma faoliyati bilan tanishtirildi.

Ushbu organ har tomonlama energetik ayollarni qoʻllab-quvvatlaydi, gʻoyalarni targʻib qiladi, ular uchun bu yerda ayollarning energetika sohasidagi faoliyatini muhokama qilish imkoniyati mavjud boʻlgan umumiy hudud yaratadi. Ushbu tashabbusning maqsadi ayollar va qizlarni birlashtirish, taʼlim, murabbiylik tashabbuslarini muhokama qilish va amalga oshirish uchun platforma yaratish, Qirgʻizistonning energetika sohasidagi yetakchi ayollar sonining koʻpayishi va ayollarning bu sohada karyeraga intilishi uchun gender muvozanatini taʼminlashdan iborat.

Uchrashuvda Energetika vazirligining Gender masalalari boʻyicha raisi Elmira Bekmurodova Oʻzbekiston Energetika vazirligi tizimidagi ushbu yoʻnalishdagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, xususan, gender tengligi va xotin-qizlarni himoya qilish, xotin-qizlar tadbirkorligi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari qabul qilingani taʼkidlandi.

E.Bekmurodova taʼkidlaganidek, keyingi yillarda Energetika vazirligi, tizimdagi korxona va tashkilotlarda gender tengligini taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Energetika vazirligi tizimida bandlik sohasida ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. Monitoring shuni koʻrsatadiki, ishga joylashishda jinsga qarab rad etish yoki ishdan boʻshatish hollari kuzatilmagan.

Gender tengligini joriy etish borasida sezilarli ijobiy qadamlar tashlandi, chunki birgina vazirlik markaziy apparatida 15 nafar xotin-qiz faoliyat yuritadi, ulardan 4 nafari rahbarlik lavozimlarida ishlaydi.

Bugungi kunga qadar yoqilgʻi-energetika kompleksi tizimida 120 ming 730 kishi mehnat qilmoqda. Ulardan 13 ming 700 nafari xotin-qizlar boʻlib, 3 120 nafari oliy maʼlumotli, 7 500 nafari oʻrta maxsus, 3 800 nafari oʻrta maʼlumotli.

Umuman olganda, Energetika vazirligi tizimida ayollar va erkaklar salomatligini saqlashni taʼminlovchi xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilgan.

Uchrashuv “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirish tizimini joriy etish markazi”da (DATA sentr) davom ettirilib, unda Energetika vazirligi, shuningdek, tizim tashkilotlari va aksiyadorlik jamiyatlarining Gender kengashlari raislari va vakillari uchrashdi.

Qirgʻiziston Respublikasi Energetika sohasi ayollari uyushmasi delegatsiyasi “Oʻzatom” agentligining Yadro texnologiyalari axborot markazi bilan ham tanishdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.