Energetika sohasida Latviya bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 1 Noyabr 2022 1252

    Joriy yil 27-oktyabrda Oʻzbekiston Energetika vazirligida Latviya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuv chogʻida xorijiy tomon Latviya Respublikasi energetika sohasidagi mavjud vaziyat haqida maʼlumot berdi, shuningdek, Skandinaviya va Boltiqboʻyi mintaqalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan “Tietoevry” kompaniyasi faoliyati bilan tanishtirdi.

    Elchi Latviya 2015-yilda elektr energiyasining raqobatli bozoriga oʻtgani haqida maʼlumot berar ekan, u Oʻzbekistonda elektr energiyasi bozoriga oʻtish boʻyicha olib borilayotgan islohotlarini hisobga olgan holda, bu borada tajriba almashishga tayyorligini, bunda meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish, standartlashtirish, shuningdek, raqamlashtirish boʻyicha yechimlarni amalga oshirishda ishtirok etish istagini bildirdi.

    Unda shuningdek, Latviya tajribasini oʻrganish va ushbu sohadagi hamkorlikning potensial yoʻnalishlarini koʻrib chiqish taʼkidlandi. Chunki Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq energetika sanoatini raqamlashtirish ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan elektr energiyasi bozorini liberallashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Oʻzbekiston 2030-yilga borib mamlakat energetik xavfsizligini taʼminlash maqsadida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini bugungi kunga nisbatan 2 barobarga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Ushbu rejalarga erishish uchun Energetika vazirligi tomonidan sohani bozor munosabatlariga oʻtkazish maqsadida keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilyapti.

    Dastlabki islohotlarda “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekneftgaz” AJ alohida-alohida kompaniyalarga ajratilib, bunda ishlab chiqaruvchi, transportirovka qiluvchi va taqsimlovchi kompaniyalar tashkil etilgani taʼkidlandi.

    Energetika sohasida bozor munosabatlari yoʻlidagi muvaffaqiyatli qadamlardan yana biri – DXSH tamoyillari asosida elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari, jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi stansiyalarni amalga oshirish boʻldi.

    Shunday qilib, yangi issiqlik va quyosh elektr stansiyalarning ishga tushirilishi hamda shamol elektr stansiyalari loyihalari boʻyicha ishlarning olib borilayotgani koʻp jihatdan mamlakatimiz energetika sohasida roʻy berayotgan bozor oʻzgarishlariga misol boʻla oladi.

    Alohida taʼkidlash kerakki, xalqaro moliya institutlari koʻmagida DXSH loyihalari tender, yaʼni raqobatbardosh bozor tamoyillari asosida amalga oshirilyapti.

    Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasida muhokama etilgan yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.