Energetika sohasida Yaponiya bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi

    Energetika 18 Aprel 2023 1611

    Joriy yil 17-aprelda Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov va Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Takashi Xatori oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston-Yaponiya oʻrtasida energetika sohasidagi strategik sheriklik munosabatlari va koʻp qirrali hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

    Tomonlar yangi tashkil etilgan ishlab chiqarish quvvatlarini kafolatli elektr taʼminoti bilan taʼminlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yangilashning zamonaviy va samarali texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish, isteʼmolchilarning elektr va issiqlik energiyasi taʼminotini yaxshilash yuzasidan bir nechta loyihalarni koʻzdan kechirdi. Jumladan:

    Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bugʻ-gaz qurilmasini qurish (Navoiy-3) investitsiya loyihasi doirasida bosh pudratchi “ Mitsubishi Corporation Mitsubishi Power Ltd.” Konsorsiumi oʻz takliflarini taqdim etganligi aytib oʻtildi.

    Janob Takashi Xatori energetika sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilib, “Sumitomo”, “Isuzu”, “Mitsui” va boshqa yirik kompaniyalarning mamlakatimizda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni jadallashtirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

    Uchrashuvda Energetika vaziri J.Mirzamahmudov Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha ulkan salohiyat mavjudligi hamda bu borada barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanligini bildirdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.