Energetika sohasidagi hamkorlik

    Xalqaro hamkorlik 8 Sentabr 2021 1579

    7-sentyabrda Toshkent shahar hokimligida hokim oʻrinbosari Sharof Rahmonov “Stone City Siemens” kompaniyasining bosh direktori Alan Danyo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Mehmonlarni qarshi olgan Sharof Rahmonov bahorda Siemens kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumi toʻgʻrisida eslatib, taraflarning erishilgan kelishuvlar boʻyicha aniq harakatlarga oʻtish maqsadini qoʻllab-quvvatladi.

    – Xususan, biz mehmonlardan shaharni issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlashga moʻljallangan bugʻ-gaz qurilmalarini oʻrnatish boʻyicha texnik yechimlarning shartlari tafsilotlari va taʼrifini kutyapmiz, – dedi Sharof Rahmonov.

    Muzokaralar davomida hamkorlik shartnomasini imzolashdan oldin kelishib olish zarur boʻlgan tashkiliy va texnik masalalar muhokama qilindi. Xususan, tomonlar elektr quvvati yuklanish katta boʻlgan soatlarda kuchlanishda oʻzgarishlarsiz va bir xil chastotada uzatilishi kerakligini eʼtirof etdilar.

    Zamonaviy issiqlik inshootlarining ishga tushirilishi nafaqat qarzlarni qaytarishga, balki shahar infratuzilmasini yanada rivojlantirishga sarmoya kiritishga ham imkon beradi.

    Loyihani amalga oshirish 7-8 yilga moʻljallangan, shundan soʻng shaharning issiqlik taʼminotini rivojlantirishning barqaror modelini olish kutilmoqda.

    Stone City Siemens tomonidan taklif qilingan texnik yechimning oʻziga xos xususiyati shundaki, kompleks suv taʼminoti tizimiga bogʻlanmagan. Barcha qurilmalar distillangan suvda yopiq siklda ishlaydi, bu ishqorlanish paydo boʻlishining oldini oladi va uskunalarga texnik xizmat koʻrsatishni osonlashtiradi.

    Tomonlar Toshkent shahridagi tumanlarda issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beradigan uskunalarni oʻrnatish va ishga tushirish toʻgʻrisida bitim imzolashga erishish maqsadida yaqin hamkorlik toʻgʻrisida kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.