Energetika sohasidagi islohotlar Jahon banki hamkorligida amalga oshiriladi

    Energetika 11 Mart 2023 1633

    Energetika vazirligida Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti Anna Berde xonim boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda xalqaro moliya institutlarining koʻmagida energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va energiya tejamkorlik, energetika sohasini rivojlantirish rejalari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida energiya resurslari integratsiyasi va bozorini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar haqida maʼlumot berildi.

    Xususan, joriy yilda umumiy quvvati 4 300 MVt boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, shu jumladan 2 100 MVt — yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1 200 MVt — ijtimoiy soha obyektlari, xoʻjalik subyektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda oʻrnatiladigan quyosh panellari, 550 MVt — tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish rejalariga alohida urgʻu berildi.

    Bundan tashqari, isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berish va taqsimlash tizimlarini rivojlantirish dasturlari, yaqin yillarga moʻljallangan istiqbolda yuqori kuchlanishli transformatorlar va uzunligi 5 ming kilometr boʻlgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish boʻyicha istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.

    Uchrashuvda Anna Berde xonim yurtimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan, “yashil” energetika, ayniqsa qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yoʻlidagi islohotlarni yuqori baholadi va sohani rivojlantirishning barcha yoʻnalishlarida hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini taʼkidladi.

    Shu bilan birga, elektr energiyasini yetkazib berish va taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini, ushbu yoʻnalishdagi loyihalarni moliyalashtirish masalalarini koʻrib chiqishga qiziqish bildirdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.