Energetika tashkilotlari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari tasdiqlandi

    Energetika 18 Noyabr 2020 3493

    Vazirlar Mahkamasi 11.11.2020-yildagi “Energetika tashkilotlari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 711-son qarorni qabul qildi.

    Hujjat Prezidentning “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan.

    Qaror bilan Energetika tashkilotlari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari (keyingi oʻrinlarda – Qoidalar) tasdiqlandi. Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasiga Qoidalarga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish topshirildi.

    Ushbu Qoidalar energetika tashkilotlarining elektr stansiyalari va kichik stansiyalaridagi texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish sharoitlari inobatga olingan holda ularda yongʻin xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan talablarni belgilaydi.

    Ushbu Qoidalarning talablari energetika tashkilotlari, shuningdek, ularning asosiy va yordamchi sexlari va inshootlarining texnologik uskunalarini ekspluatatsiya qiluvchi, taʼmirlovchi (rekonstruksiya qiluvchi), sozlovchi va sinovchi, sozlash, qurilish-montaj va boshqa tashkilotlarning barcha boshqaruv xodimlari, ishlab chiqarish xodimlari, texnik xodimlar va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar tarkibiga kiruvchi muhandis-texnik xodimlari, ishchi va xizmatchilari uchun majburiydir.

    Qoidalarda tashkilotlar rahbarlari:

    • barcha muhandis-texnik xodimlar, xizmatchilar va ishchilar tomonidan ushbu Qoidalarning oʻrganilishi va bajarilishini tashkil qilishi;
    • yongʻin-texnik komissiyani va koʻngilli yongʻin oʻchirish drujinalarini tashkil etish masalasini koʻrib chiqishi;
    • obyektlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlashni tashkil etish boʻlim va boʻlinmalari hamda ularga tegishli yongʻin-qutqaruv qismlarini, shuningdek, idoraviy yongʻindan saqlash xizmatini tegishli xizmat, maishiy va yordamchi binolar, kerakli yongʻin oʻchirish texnikasi bilan taʼminlashi va boshqalarni amalga oshirishi shartligi nazarda tutilgan.

    Shuningdek, Qoidalarda:

    • xodimlarni tayyorlashni tashkil etishning asosiy talablari;
    • yongʻin xavfsizligi boʻyicha asosiy hujjatlar;
    • texnologik uskunalarni taʼmirlashda va rekonstruksiya qilishda yongʻin xavfsizligi;
    • texnologik uskunalarni taʼmirlashda va rekonstruksiya qilishda yongʻin xavfsizligi;
    • payvandlash va yongʻin chiqishi xavfi boʻlgan boshqa ishlarni bajarishda yongʻin xavfsizligi;
    • yongʻinni oʻchirish ishlarini bajarishda xavfsizlik talablari;
    • yongʻin sodir boʻlganda xodimlarning harakati;
    • yongʻinga qarshi suv taʼminoti va yongʻinni oʻchirish vositalari hamda boshqalar bayon qilingan.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11.11.2020-yildan kuchga kirdi.

    Bahodir Buxoriy