Energetika tizimi kuz-qish mavsumi ish tartibiga oʻtdi

    Energetika vazirligi va tizim korxonalarida kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish maqsadida 24/7 ish tartibida navbatchilik tashkil etildi.

    Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

    Vazirlik oʻz xabarida elektr va gaz taʼminotidagi qilingan ishlar boʻyicha maʼlumot berdi.

    Elektr taʼminoti boʻyicha:

    Joriy yilning oʻtgan davrida mamlakatimiz boʻylab 7 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 1 731 ta transformator punkti yangilandi.

    Buning natijasida 954 ta mahalladagi 800 mingdan ortiq xonadonlarning elektr taʼminoti yaxshilandi.

    Joriy yil yoz mavsumida respublikaning elektr energiya isteʼmoli soatiga 13,3 gigavatt, yaʼni kuniga 270-275 million kVt•soat boʻlgan boʻlsa, qish mavsumida soatiga 13,5 gigavatt, kuniga esa 290-300 million kVt·soatgacha koʻtarilishi kutilmoqda.

    Oʻtgan yili 81,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2025-yil yakuni bilan 85,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

    2025-yil yakuni bilan umumiy quvvati 3 000 megavattdan ortiq boʻlgan quyosh va shamol, 1 167 megavatt quvvatli issiqlik elektr stansiyalari, 1 500 megavattdan ortiq energiya saqlash tizimlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

    Gaz taʼminoti boʻyicha:

    Shuningdek, 538 km uzunlikdagi yuqori va oʻrta bosimli gaz tarmoqlari va 951 ta gaz taqsimlash punktlari yangilandi, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

    Joriy yil boshidan 464 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shuning, yil yakuniga qadar yana 199 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

    Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun qoʻshimcha 29 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari zaxirasi yaratildi.

    Hududlarda avariyaviy holatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish uchun maxsus brigadalar tuzilib, ular zarur texnika, zaxira materiallari va himoya vositalari bilan taʼminlangan.

    “Mavsumda isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilgan holda tizimli ishlar tashkil qilinadi”, – deyiladi xabarda.