Muzokaralar chogʻida hamkorlikning hozirgi holati, jumladan, issiqlik elektr stansiyalari va shamol elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston tomoni Saudiya Arabistoni kompaniyasi tomonidan Sirdaryo IES yaqinida 1 500 MVt quvvatga ega yangi issiqlik elektr stansiyasi (IES) qurilishi loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan rejali qurilish-montaj ishlarini mamnuniyat bilan qayd etdi. Hozirgi vaqtda loyiha maydonida tuproqni mustahkamlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda, smena lagerining qurilish ishlari yakunlandi.
Joriy yilning yanvar oyida “ACWA Power” kompaniyasi bilan investitsiya shartnomasi imzolandi, unga koʻra kompaniya Buxoro viloyatida ikkita shamol elektr stansiyasini qurish niyatida. Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston tomoni ushbu shamol elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha anemometrik tadqiqot ishlari yakunlanishini intizorlik bilan kutayotganini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Energetika vazirligi “ACWA Power” kompaniyasining Shirin shahridagi energetika kollejida ixtisoslashtirilgan oʻquv markazini yaratishga qoʻshgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.