Energetika vaziri boshchiligidagi ishchi guruh Uzbekistan GTLga tashrif buyurdi

    Energetika 16 Aprel 2021 762

    2021-yil 15-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultanov boshchiligidagi ishchi guruh “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev ishtirokida qurilishning yakuniy bosqichida boʻlgan Uzbekistan GTL majmuasiga tashrif buyurdi.

    15-aprel holatiga koʻra, loyihaning umumiy ishlar koʻlamining 95,4 foizi bajarildi. Mamlakatimiz yoqilgʻi-energetika kompleksi (YOEK) rahbariyati aʼzolari bugungi kunda respublika sanoat laboratoriyalari orasida eng innovatsion va zamonaviy boʻlgan majmuaning Markaziy laboratoriyasi faoliyatini, shuningdek, oldindan ishga tushirish va ishga tushirish ishlarining borishini batafsil oʻrganib chiqdi.

    Uchrashuvda A.Sultanov masʼullarga qurilish-montaj ishlarini imkon qadar tezroq yakunlash, hududni yaxshilash, shuningdek, texnologik qurilmalarni ishga tushirish surʼatlarini jadallashtirish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrishni topshirdi. Shuningdek, GTL majmuasi va Shoʻrtan gazni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish infratuzilmasi integratsiyasini takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, ishga tushirish guruhi hamda majmuaning ekspluatatsiya xodimlarining bilim va malakasini doimiy oshirib borish maqsadida Sasol, Haldor Topsoe va Chevron texnologiyalarining litsenziarlari bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Uzbekistan GTL zavodining ishga tushirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz qayta ishlanib, undan 1,5 million tonna sintetik suyuq yonilgʻi ishlab chiqariladi. Shundan 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonnadan ziyod dizel yonilgʻisi, 437 ming tonnadan ortiq nafta va 53 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

    GTL majmuasida yiliga 1 milliard dollargacha boʻlgan miqdorda import oʻrnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xom ashyosi ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, avvalo, neft mahsulotlari, ayniqsa, dizel yoqilgʻisi va kerosin hamda suyultirilgan gazga boʻlgan ichki talabni qoplash uchun yetkazib beriladi. Bundan tashqari, xalqaro bozorlarda sintetik yoqilgʻiga boʻlgan sezilarli darajada yuqori talabni hisobga olgan holda, ushbu mahsulotlarning yuqori sifati va ekologik jihatdan tozaligi tufayli ularni eksport qilish imkoniyati ham mavjud. GTL majmuasi ishga tushirilishi bilan davlat byudjetiga yillik soliq ajratmalari hajmi oʻrtacha 2 trillion soʻmdan oshadi.

    Energiya bozorining oʻsib borishi sharoitida GTL yoqilgʻisidan foydalanish atmosferaga chiqindilarni tashlash miqdorini kamaytirishning eng samarali, tejamkor va xavfsiz yoʻli hisoblanadi.

    Loyiha doirasida batafsil loyihalash ishlari toʻliq bajarildi, qurilish maydoniga texnologik uskunalarni yetkazib berish 97 foizga bajarildi, qurilish-montaj ishlarining bajarilishi esa 90 foizdan oshdi. Bugungi kunda loyihaga 9 mingga yaqin ishchi-muhandis jalb etilgan. GTL majmuasining asosiy ishlab chiqarish qurilmalari ishga tushirishning bosqichma-bosqich boshlanishi joriy yilning iyul-avgust oylariga moʻljallangan.

    GTL sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish majmuasi toʻrtta asosiy ishlab chiqarish obyektlaridan iborat boʻlib oʻz ichiga quyidagilarni oladi: energiya resurslari bilan taʼminlash zavodi, sintez-gaz ishlab chiqarish zavodi, sintez-suyuqliq ishlab chiqarish zavodi va mahsulotni qayta ishlash zavodi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.