Energetika vaziri stipendiyasi 3 ta – yaʼni Ivan Mixaylovich Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti va “Moskva energetika instituti” Milliy tadqiqot universitetlarining Toshkent shahridagi filiallarida tahsil olayotgan talabalari uchun amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri stipendiyasi fuqaroligidan qatʼiy nazar oʻqish, ilm-fan, ilmiy-texnika va ixtirolar boʻyicha, shu jumladan oliy taʼlim muassasalarining ijtimoiy faoliyatida eng yaxshi natijalarga erishgan va yoqilgʻi-energetika sohasi rivojiga hissa qoʻshgan vazirlik mutasaddiligida boʻlgan yuqoridagi oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat va mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olayotgan talabalarga tayinlanadi.
Vazir stipendiyasi (!):
- har bir filialning 3 nafargacha eng iqtidorli talabalariga taʼlimning uchinchi bosqichidan boshlab, ularning yoqilgʻi-energetika sohasida innovatsion loyihalari va ilmiy tadqiqotlari natijalariga qarab belgilanadi;
- buning uchun Filiallar talabalari kunduzgi taʼlim asosida tahsil olishi hamda oxirgi ikkita sessiyani aʼlo baholarda yakunlagan boʻlishlari talab etiladi.
Stipendiyani belgilash va toʻlash tartibi:
Vazir stipendiyasi uchun talabgorning oʻquv va ilmiy (ijodiy) faoliyatidagi muvaffaqiyatlari Filiallarning Ilmiy kengashlari tomonidan muhokama qilingandan soʻng, ularning tavsiyasi bilan Energetika vazirligiga nomzod sifatida kiritiladi.
Talabgorlar dastlabki koʻrib chiqish uchun Ilmiy kengashga: sinov daftarchasidan koʻchirma, dekanat, kafedra tavsiyanomasi, ilmiy (ijodiy) ish annotatsiyasi, ilmiy rahbarning fikr-mulohazalari, ilmiy (ijodiy) ishga taqriz hamda ilmiy ishlar roʻyxati va ularning bosma nusxalarini topshirishlari lozim.
Ilmiy kengashlar yashirin ovoz berish orqali Vazir stipendiyasini tayinlash uchun stipendiatlar nomzodlarini koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladilar.
Ilmiy kengashlar qarorlari Filiallarning Vazir stipendiyasini tayinlash haqida Energetika vazirligiga tavsiyanoma yuborishi uchun asos hisoblanadi.
Energetika vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta koʻrib chiqadi. Hujjatlarni qabul qilish muddati 1-15-avgust kunlari, koʻrib chiqish muddati esa 10-25-sentyabr kunlari etib belgilangan.
Stipendiyalar tayinlanishidan avval talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiq bilim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarlik darajasi puxta ekspertizadan oʻtkaziladi.
Shu maqsadda Energetika vazirining buyrugʻi bilan tanlov komissiyasi tuzilgan.
Tanlov komissiyasi tarkibiga Energetika vaziri, vazir oʻrinbosarlari, ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha vazir maslahatchisi, kadrlar boʻlimi rahbari hamda nomzodlarning yoʻnalishlari boʻyicha boshqa boʻlinmalar rahbarlari kiritilgan.
Tanlov komissiyasi talabgorlarning yakuniy tanlovini yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazadi. Bunda komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ovoz berganda, nomzod Vazir stipendiyasini tayinlash uchun tavsiya qilinadi.
Tanlov komissiyasining qarori Energetika vazirligi buyrugʻi bilan tasdiqlangandan soʻng kuchga kiradi.
Tanlov komissiyasi Vazir stipendiyalari sohibi boʻlolmagan, lekin eng yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻlgan tanlov qatnashchilarini Filiallardagi boshqa mavjud – yaʼni “Bosh direktor”, “Boshqaruv raisi”, “Vasiylik kengashi” kabi stipendiyalarga tavsiya qilish huquqiga ega.
Vazir stipendiyasi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,5 baravari etib belgilangan hamda davlat va oliy taʼlim muassasasining boshqa stipendiyalaridan alohida tarzda taqdim etiladi.
Vazir stipendiyasi talabalarga har yili, bir oʻquv yili uchun, 1-sentyabrdan boshlab, belgilangan miqdorlarga qatʼiy rioya qilingan holda har oyda toʻlab boriladi.
Vazir stipendiyasiga sazovor boʻlgan talabalarga “Energetika vaziri stipendiyasi sohibi” koʻkrak nishoni va qimmatbaho sovgʻalar topshiriladi. Shu bilan birga, stipendiatlar oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng vazirlik tizimidagi tashkilotlarda ish bilan taʼminlanishi kafolatlanadi.
Talabalarning Energetika vaziri stipendiyasini tayinlash boʻyicha ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Energetika vazirligi tomonidan koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.