25-aprelda Oʻzbekiston Energetika vaziri J.Mirzamahmudov koʻrgazma doirasida Tatariston Respublikasining qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Tatariston Respublikasining 10 dan ortiq kompaniya vakillari bilan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish, neft-gaz sohasida kompressor va nasos stansiyalarini yetkazib berish, elektromobil va elektrobuslarni zaryadlash stansiyalarini oʻrnatish va boshqa bir qator yoʻnalishlarda muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar qoʻshma yoʻl xaritasi ishlab chiqish boʻyicha kelishib oldilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: Koʻrgazmada turli davlatlarning 300 dan ortiq kompaniyalari ishtirok etyapti. Oʻzbekiston, Rossiya va Belarus davlatlari esa milliy ekspozitsiyalarini namoyish etyapti. Koʻrgazma doirasida bugungi kunga qadar 30 dan ziyod yirik ishbilarmonlik tadbirlari va 500 dan ortiq uchrashuvlar oʻtkazildi.